Respublikada barcha tuman shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlanish uchun mahalliy budjetlarning mablag‘lariga zarurat bo‘lsa, Samarqand viloyati Paxtachi tumanida ushbu mablag‘larga ehtiyoj yo‘q ko‘rinadi yoki Paxtachi tuman hokimligining mutasaddilari mahalliy budjetga mablag‘ tushishini istashmaydimi?. Sababi, “Paxtachi dehqon bozori ” MCHJning “Payshanba” filiali bo‘lgan Paxtachi tumani “Tadbirkor” MFY hududida joylashgan bozor maydoni “Paxtachi dehqon bozori ” MCHJning 2021-yil 17-yanvardagi 5-sonli yig‘ilish bayoniga asosan “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJga o‘tkazib berilgan. Bunga asos esa Paxtachi tuman hokimining 2021-yil 6-yanvardagi 01-02/05-sonli xati hisoblanadi Mazkur xatdan tuman hokimi Samarqand viloyat Bozorlar va savdo komplekslari uyushmasidan “Paxtachi dehqon bozori ” MCHJning “Payshanba” filiali “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJning tasarrufiga o‘tganligini ma’lum qilib, bozor hududini “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJga biriktirib berilishini so‘ragan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 28.08.2012-yil 28-avgustdagi 253-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish” QOIDALARIning 7-bandida “Bozor faoliyatini tashkil etish bozor tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkasini ijaraga oluvchi yuridik shaxs tomonidan ta’minlanishi, Ko‘rsatib o‘tilgan yuridik shaxs aksiyadorlik jamiyati shaklida yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilishi, uning muassislaridan bittasi majburiy tartibda ustav fondidagi ulushi kamida 51 foiz bo‘lgan mahalliy davlat hokimiyati organi bo‘lishi kerakligi” belgilangan. Biroq, 2020-yil 20-nayabr kuni tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJning ta’sischilari Gapparov Muxiddin Urolbayevich (50 foiz ulushdor) hamda Turayeva Sanavar Tadjimuratovna (50 foiz ulushdor) sifatida bozordan keladigan daromadni 100 foiz o‘zlashtirib kelmoqda. Bunga esa Paxtachi tuman hokimligi jim qarab kelmoqda, mahalliy budjetga tushishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari esa mana uch yarim yildirki 2 nafar fuqaaroning chuntagiga tushmoqda.
Mazkur masalada Paxtachi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Arnaqulovga og‘zaki ravishda murojaat qilinganda “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJ bozorning to‘liq egasi ekanligi uning ishlariga aralasha olmasligini ma’lum qildi.
Keling “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJ “Paxtachi dehqon bozori ” MCHJning “Payshanba” filialini qonuniy egasimi yoki ushbu bozor hududini o‘zlashtirishda qonun hujjatlarini chetlab o‘tganmi birgalikda ko‘rib chiqamiz.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, Paxtachi tumani “Tadbirkor” MFY hududida joylashgan bozor yer-uchastkasi “Paxtachi dehqon bozori ” MCHJning “Payshanba” filiali bo‘lgan hamda ushbu bozor maydoni Paxtachi tuman hokimining 2014-yil 20-noyabrdagi 685-Q-sonli hamda 2015-yil 24-iyundagi 505-Q-sonli qarorlariga asosan doimiy foydalanish huquqi bilan “Guliston savdo kompleks” MCHJga berilgan. “Guliston savdo kompleks” MCHJning ta’sischilari Vazirlar Mahkamasining 28.08.2012-yil 28-avgustdagi 253-son Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi bozorlarida savdo faoliyatini tashkil etish” QOIDALARIning 7-bandiga asosan 51 foiz ulush Paxtachi tuman hokimligiga 49 foiz ulush fuqaro Bobokulova Zeʼra Quvonovnaga tegishli bo‘lgan. Ushbu holatgacha tumandagi mutasaddilar qonun talablariga rioya etishgan.
Biroq, 2020-yil 27-noyabrda “Guliston savdo kompleks” MCHJ hamda “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJ o‘rtasida “Tadbirkor” MFY hududida joylashgan bozor maydoni oldi-sotdi qilish maqsadida “Kuchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasi” tuziladi hamda ushbu shartnoma “Samarqand diller rieltor Service” MCHJ tomonidan tasdiqlanadi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Adliya Vazirining 2019-yil 4-yanvardagi 2-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi YO‘RIQNOMAning 27-bandida “Tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar o‘rtasidagi ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qarori bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma’muriy reglamentiga muvofiq amalga oshirilishi” belgilangan. Mazkur reglamentda esa ko‘chmas mulkning oldi-sotdi, hadya, ayirboshlash, umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga berish shartnomalari va boshqa shu kabi bitimlar Notarius tomonidan tasdiqlanishi lozimligi belgilangan. Bundan ko‘rinadiki, “Guliston savdo kompleks” MCHJ hamda “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJ o‘rtasidagi 2020-yil 27-noyabrda tuzlgan shartnoma qandaydir “Samarqand diller rieltor Service” MCHJ tomonidan emas Notarius tomonidan tasdiqlanishi lozim edi.
Bundan tashqari, “Guliston savdo kompleks” MCHJning 51 foiz ulushi Paxtachi tuman hokimligiga tegishli bo‘lganligi sababli Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qarori bilan tasdiqlangan Notariuslar tomonidan ko‘chmas mulklarni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi bitimlarni tasdiqlashning ma’muriy reglamentiga asosan yuridik shaxs vakolatli organining tegishli qarori (umumiy majlis bayonnomasi, kuzatuv kengashining qarori, buyruq va h.k.) hujjatlar tayyorlanishi kerak edi. Ya’ni shartnoma “Guliston savdo kompleks” MCHJning direktori tomonidan shunchaki imzolanib yuborilmasligi kerak edi.
Ushbu o‘rinda, shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Paxtachi tumani “Tadbirkor” MFY hududida joylashgan bozorning yer-uchastkasi 2023-yilning 13-mart kuni 1718230/R-A3657152-sonli raqam bilan “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJga 100 foiz egalik huquqi bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mazkur kuchmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda esa yana bir qonun hujjati buzilganlik holatini ko‘rishimiz mumkin. Ya’ni, kuchmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga asos tomonlar o‘rtasida tuzilgan shartnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi lozim edi, biroq, tomonlar o‘rtasida notarial tuzilgan shartnoma bo‘lmaganligi sababli kadastr xodimlari tomonidan “Guliston savdo kompleks” MCHJga yer ajratish to‘g‘risidagi tuman hokimining 2014-yil 20-noyabrdagi 685-Q-sonli hamda 2015-yil 24-iyundagi 505-Q-sonli qarorlarini asos qilib ko‘rsatgan. Vaholanki, “Guliston savdo kompleks” MCHJ hamda “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJ boshqa-boshqa tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi.
So‘zimizni so‘ngida nima deyish mumkin, tuman budjetini shakillantiradigan asosiy mablag‘lar soliqlardan yig‘iladi, soliqlarni eng ko‘p to‘lovchilar esa hududlardagi bozorlar hisoblanadi. Tumanning budjetiga uch yarim yil davomida ushbu bozordan mablag‘lar tushib turganda balki ayrim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal etilar va fuqarolarning turmish tarzi yaxshilangan bo‘larmida. Uch yarim yil davomida mablag‘larni o‘zlashtirilishiga asosiy aybdor kim? O‘z vazifasiga panja ortidan qaragan tuman hokimligining mutasaddilarimi? Yoki uddabo‘ron tadbirkor “Sanobar savdo compleksi 2020” MCHJning rahbarimi? Albatda ushbu savollarga tegishli huquqni muhofaza etuvchi organlar javob topadi degan umiddamiz.